AKADEMIK MIRZIYOD MIRSAIDOV BOBUR NOMIDAGI ANDIJON VILOYATI «AXBOROT KUTUBXONA MARKAZIDA-(AKM)» ANDIJON VILOYATINING QATOR O‘RTA MAKTAB VA KOLLEJLARINING IQTIDORLI O‘QUVCHILARI HAMDA FAOL YOSH O‘QITUVCHILAR BILAN UCHRASHUV O‘TKAZDI
Ushbu uchrashuv Andijon shahrida joylashgan Bobur nomidagi viloyat «Axborot kutubxona markazi»ning katta zalida o‘tkazildi. Bu uchrashuvda Andijon qurilish va transport kolleji, Andijon industrial pedagogika kolleji, 30-sonli o‘rta umumta’lim maktabi, 5-sonli o‘rta umumta’lim maktabi, 10-sonli Davlat internat maktabi (10-DIM) va 35- sonli Davlat internat (35-DIM) maktablarining jami bo‘lib 125 ga yaqin iqtidorli o‘quvchilari va yosh o‘qituvchilar qatnashdilar. Shu bilan birga bu uchrashuvda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professori, t.f.d., T. Mavlonov, Toshkent axborot texnologiyalar universitetining Andijon filiali professori, i.f.d., A. Abdullaev, Andijon mashinasozlik instituti dotsenti, f.-m.f.n., T.Djalilova, Andijon qishloq xo‘jalik instituti dotsenti, f.-m.f.n., K.Atabaev, Andijon davlat universiteti dotsenti, f.-m.f.n., A.Komiljonov, Andijon viloyati matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i A.Sultonov va Andijon viloyati «Axborot kutubxona markazi» direktori G. Ismolovalar qatnashdilar.
Uchrashuvni Bobur nomidagi Andijon viloyati «Axborot kutubxona markazi» direktori Gulnoraxon Islomova kirish so‘zi bilan ochib, so‘zni akademik M.Mirsaidovga berdi.
M.Mirsaidov o‘z so‘zida O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida va muhtaram Prezidentimizning yoshlarga bo‘lgan e’tibori, ularga yaratilayotgan sharoitlar to‘g‘risida gapirdi. Ularni kelajakda ilm-fanning yuqori cho‘qqilarini egallab, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishga chaqirdi. Talaba va o‘quvchilarga kelajakda davlatimiz ravnaqi uchun faol xizmat qiladigan, yetuk mutaxasisslar bo‘lib yetishishlari uchun talaba va o‘quvchilar o‘qitilayotgan fanlarni chuqur o‘zlashtirishi, tinimsiz mehnat qilishlari va har doim oldinga intilishi kerakligi haqida gapirildi.
Buni amalga oshirish uchun yoshlarimiz tinmasdan mehnat qilib, yaxshi o‘qishlari va har tomonlama yetuk bo‘lish uchun esa chet tillarini bilishi va ko‘p kitoblarni o‘qishga harakat qilishlari kerak deb ta’kidladi.
M.Mirsaidov oxirgi vaqtlarda davlatimizda bo‘layotgan o‘zgarish haqida va Prezidentimizning AQSh ga safari to‘g‘risida ham qisqacha axborot berdi. Shu bilan birga M.Mirsaidov bunday yuksak ilmiy unvonga erishishida Prezidentimizning katta hissalari borligini, ya’ni Fanlar akademiyasining qayta tiklanishi, Fanlar akademiyasi va saylov nizomlari o‘zgartirilib, demokratlashtirilganligi va bu galdagi akademiklikka saylov ob’ektiv va shaffof o‘tganligini aytib o‘tdi.
Yoshlarimiz ham mukammal bilimlar olib, ilm dargohlarida astoydil mehnat qilsa kelgusida shunday natijalarga erishish imkoniyatlari mavjudligi haqida xam gapirib, ilmiy xodimlarga Davlatimiz tomonidan berilayotgan e’tiborni, Prezidentimizning 5-aprel 2018 yildagi maoshlarni oshirish to‘g‘risidagi qarori va Fanlar akademiyasining o‘simliklar ximiyasi institutidagi uchrashuvlari to‘la tasdiqlashini aytib o‘tdi.
Bu uchrashuvda qatnashgan Andijon viloyatining maktab va kollej o‘quvchilari o‘zlarini juda erkin tutishib, M.Mirsaidovga ko‘plab savollar berishdi. O‘quvchilar va o‘qituvchilar tomonidan berilgan barcha savollarga M.Mirsaidov to‘liq javob berdi.
Uchrashuv qiziqarli tarzda, yuqori saviyada o‘tdi, bo‘lgan uchrashuvni o‘quvchilar ko‘tarinki ruh va katta ishonch bilan qabul qilishdi. Uchrashuv qatnashchilari Prezidentimizga yoshlarga yaratayotgan imkoniyatlari uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar. Andijon viloyatining maktablarida kelajakka intilgan juda ko‘p faol va bilimdon o‘quvchilarning borligi bizni juda xursand qildi. Shu bilan birga bu yerda yosh ixtirochilar bilan uchrashib, ularning savollariga javoblar berib, ularga omadlar tiladik. Bu yoshlar kelajakda Prezidentimizga munosib o‘g‘il va qizlar bo‘lib yetishishga va Respublikamiz kelajagi uchun xizmat qilishga va’da berishdi. Uchrashuv so‘ngida Andijon viloyatining iqtidorli o‘quvchilari bilan esdalik uchun rasmga tushildi.